Biz haqimizda
Yagona hisobotlar tizimi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-yanvardagi PQ-8-sonli qarori asosida yaratilgan loyiha hisoblanadi. Bu tizim orqali tadbirkorlar 14 ta davlat organiga topshirilishi talab etiladigan 105 xil hisobotni bitta raqamli darcha orqali yuborish imkonini beradi. Hujjatlarni qog‘ozda olib kelish, navbatda turish yoki turli idoralarning alohida saytlariga kirib, bir-biriga o‘xshash maydonlarni qayta-qayta to‘ldirish zarurati yo‘qotiladi.
Tizim OneID orqali shaxsni tasdiqlash imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi, shu bois yuborilgan maʼlumotlar huquqiy kuchga ega hisoblanadi. Yagona hisobotlar tizimini texnik va metodik boshqaruvi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” zimmasiga yuklatilgan, Yagona integrator UZINFOCOM esa tizimni ishlab chiqadi va doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. Qarorda 2026-yildan boshlab portal orqali hisobot topshirish ixtiyoriy bo‘lsa, 2027-yilda kichik va o‘rta korxonalar, 2028-yildan esa barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun majburiy bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Nega bu platforma muhim?
Yagona hisobotlar tizimi avvalo biznesning maʼmuriy yukini yengillashtirishga xizmat qiladi. Portal davlat organlarining maʼlumotlar bazalari bilan bog‘langan bo‘lib, mavjud raqamli resurslardan kerakli dalillarni avtomatik tortib oladi; tadbirkor esa hisobot yuborishda uni tekshiradi va tasdiqlaydi. Natijada xatolar kamayadi, hisobot topshirish vaqti qisqaradi va resurslar tejaydi. Barcha jarayon onlayn sodir bo‘lgani uchun hisobot holatini istalgan vaqtda ko‘rish, rad etilgan bo‘lsa sababini aniq bilish va xatoni zudlik bilan tuzatish osonlashadi. Davlat organlari esa yagona formatda to‘liq va ishonchli maʼlumot oladi.
Qanday ishlaydi?
Tadbirkor OneID profili bilan tizimga kiradi, tashkilotning yuridik maʼlumotlari avtomatik tarzda olinadi, kerakli hisobotlarni ro‘yxatdan tanlaydi va tizim tayyorlagan shaklni ko‘rib chiqadi. Kerak bo‘lsa, maydonlarni to‘ldiradi yoki tuzatadi, so‘ngra hisobot yuboriladi. Hisobot qabul qilingach, foydalanuvchi kabinetida hisobot statusi o’zgaradi; agar rad etilsa, sabab va to‘g‘rilash bo‘yicha ko‘rsatma yozma ko‘rinishda chiqadi. Shu bilan birga, tizimning statistika bo‘limi tashkilot yuborgan barcha hisobotlar bo‘yicha grafik va jadval ko‘rinishida tahliliy maʼlumotlarni taqdim etiladi.