Yagona hisobotlar tizimi bo‘yicha hisobot qabul qiluvchi davlat tashkilotlari xodimlari uchun taqdimot seminari o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-yanvardagi PQ-8-son qaroriga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi va “Yagona integrator – Uzinfocom” MCHJ hamkorligida ishlab chiqilgan Yagona hisobotlar tizimi doirasida hisobotlarni qabul qiluvchi davlat tashkilotlari uchun maxsus modul joriy etildi. Joriy yil 4-dekabr sanasida Qaror bilan belgilangan hisobotlarni qabul qiluvchi davlat tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirokida tizimning ushbu modulida hisobot shakllarini yaratish, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yuborilgan hisobotlarni qabul qilish hamda ularni tahlil qilish imkoniyatlari yuzasidan taqdimot seminari tashkil etildi. Shuningdek, seminarda tizimni to‘laqonli ishlashiga tayyorlash, kuzatilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish va uni tadbirkorlar uchun yanada qulay qilib ishga tushirish yuzasidan atroflicha muhokamalar o‘tkazildi. Seminar yakunida barcha ishtirokchi davlat idoralari va tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda tizimni qisqa vaqt ichida amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishib olindi.